TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukrainadagi jangovar harakatlarni to‘xtatishga va sulh e’lon qilishga chaqirdi.
“Keskinlik boshlanmasdan, hozir to‘xtash kerak. Men tavakkal qilgan holda jangovar harakatlarni to‘xtatishni taklif qilaman. Texnikani bir joydan boshqa joyga ko‘chirish va qo‘shinlarni qayta guruhlash huquqisiz”, - dedi Lukashenko Belarus xalqi va parlamentiga yo‘llayotgan murojaatnomasi chog‘ida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar G‘arb sulhdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinsa, Rossiya mojaro keskinlashining oldini olish uchun butun harbiy-sanoat majmuasi va armiyasi qudratidan foydalanishi shart.
Lukashenko mojaroni to‘xtatishning yagona usuli dastlabki shartlar qo‘yilmagan muzokaralar ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga siyosatchi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy xatti-harakatlaridan g‘azablangan.
“Bu nima degani? Suveren mamlakat prezidenti aynan unga taalluqli va unga sulh borasida muzokaralar o‘tkazishni taqiqlovchi farmonni imzolaydi. Bu shunchaki kulguli – sizga prezident sifatida aytapman. Muzokaralar olib borishni istamasang, olib borma, nega bu farmonni imzolaysan va odamlar kulgusiga qolasan? Sen bu bilan nimani namoyish etmoqchisan?”, - deya savol bilan yuzlangan Belarus rahbari.
Qayd etish joizki, Moskva bir necha bor muzokaralarga tayyorligini bildirgan, biroq Kiyev rejimi qonunan muzokaralar o‘tkazishni taqiqlab qo‘ygan. Shu bilan birga Kreml sulh bitimi yangi mintaqalarning Rossiya tarkibiga kirganini inobatga olishi shartligini ta’kidlagan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Kiyev hukumati bu uchun tayyor bo‘lsa, Moskva muloqotga ochiqligini aytgan.
O‘z navbatida, Vladimir Zelenskiy “hech qanaqa Minsk-3” bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Boz ustiga, G‘arb mamlakatlari Kiyev jangovar harakatlarni davom ettirishini xohlashmoqda va unga qurol-yarog‘ yetkazib berib, ukrainalik harbiylarni o‘z hududida jangga tayyorlashmoqda.