Moddiy imkoniyati cheklangan bemorlarda noyob va murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda — SSV

Prezident topshirig‘i asosida og‘ir kasalliklarga chalingan minglab bemorlarda murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun qariyb 90 milliard so‘m ajratildi.
Sputnik
TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Moddiy imkoniyati cheklangan ​ 4 mingga yaqin bemorlarda murakkab operatsiyalar o‘tkazilmoqda. Bu haqda Cog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, prezident topshirig‘i asosida og‘ir kasalliklarga chalingan minglab bemorlarda murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun qariyb 90 milliard so‘m ajratildi.

“Son suyagi, yelka, tizza bo‘g‘imlarining yemirilishi bilan bog‘liq xastaliklarni davolashda qo‘llaniladigan endoprotez moslamalari bahosi mamlakatimizda o‘rtacha 18-20 million so‘mga teng. Bunday sharoitda ehtiyojmand insonlarning muammolari yanada ortishi tabiiy. Oqibatda vaqt o‘tishi bilan xastalik zo‘rayib, bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Kechikib qilingan muolajalar esa har doim kutilgan natijani beravermaydi”, - deyiladi xabarda.

Shu sababli og‘ir xastaliklardan aziyat chekayotgan bemorlarda davlat hisobidan yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalari o‘tkazilmoqda.
Aksiya doirasida sog‘lomlashtiriladigan bemorlar ikki toifaga ajratilgan.
Birinchi guruh — tug‘ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan bolalar. Ularning soni — 2 ming nafar. Barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari.
Ular jami 64 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga navbatsiz, imtiyozli yo‘llanmasiz, eng malakali shifokorlar tomonidan yuqori texnologik operatsiyalar orqali og‘ir darddan xalos etiladi.
Hozir jarayon boshlangan. Jarrohlik amaliyotlari Bolalar milliy tibbiyot markazi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Samarqand, Namangan, Farg‘ona, Andijon viloyatlari bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Urganch filialida o‘tkazilmoqda.
Ikkinchi guruhga — kattalar. Ularda bajariladigan tezkor operatsiyalar uchun davlat 22 milliard so‘m ajratdi.
Bemorlar ro‘yxati tegishli ishchi guruh, joylardagi Xalq qabulxonalari, mahalla faollari ishtirokida, xonadonma-xonadon o‘rganishlar natijasida adolatli ravishda shakllantirildi.
Bu toifaga imtiyozli yo‘llanmaga ega bemorlar kiritilmadi. Negaki, ularning davolanish sarf-xarajatlari shundoq ham davlat tomonidan qoplanadi. Muolajalar davri, tibbiyot muassasalari belgilab qo‘yilgan.
Hozir aksiya doirasida moddiy imkoniyati cheklangan bemorlarda endoprotezlash, kardioxirurgik, urologik, endokrinologik va ichki a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish kabi noyob va murakkab operatsiyalar o‘tkazish boshlangan.

Mavzuga oid:

O‘zbekistonda ommaviy ko‘riklar boshlandi — ro‘zador bemorlar uchun qulayliklar bor