TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Xitoy va Braziliya yuanda savdo-sotiq qilish to‘g‘risida bitim imzoladi va hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Xitoy savdo vaziri o‘rinbosari Go Tintin Pekindagi Xitoy-Braziliya biznes forumida ma’lum qildi.
“Braziliya bilan yuanda to‘lov bo‘yicha kelishuv imzolandi, bu savdomizni sezilarli osonlashtiradi. Biz oziq-ovqat va foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni kengaytirmoqchimiz, Xitoydan Braziliyaga va Braziliyadan Xitoyga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini qidiramiz”, — dedi Tintin. Uning so‘zlaridan “Folha de Sao Paulo” nashri iqtibos keltirgan.
Chorshanba kuni Braziliya va Xitoy kliring palatasini tashkil etganini e’lon qildi. Hisob-kitob kliring palatasi — ikki davlat o‘rtasida milliy valyutada operatsiyalar va kreditlar berish imkonini beruvchi bank muassasasi. Bu bilan mamlakatlar o‘rtasidagi tranzaksiya arzonlashadi va dollarga bo‘lgan qaramlik kamayadi.
Xitoy 2010-yildan beri Braziliyaning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. 2022-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi rekord darajada — 150 milliard dollarga yetgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘tgan hafta Xitoy rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya Rossiya va Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlari o‘rtasidagi hisob-kitoblarda yuandan foydalanish tarafdori ekanini aytgan edi.