Samarqanddagi parranda fabrikasida ro‘y bergan portlash oqibatida ikki kishi jarohat oldi

Kattaqo‘rg‘on tumanidagi parranda fabrikasida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi parranda fabrikasida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Hodisa 30-mart kuni soat 10:40 larda tumanning "Melixo‘ja" MFYda joylashgan parranda fabrikasida kuzatilgan. Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgan.
Vazirlikning aniqlik kiritishicha, hodisa oqibatida vafot etganlar yo‘q. Ikki nafar fuqaro yengil tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.
Voqea joyiga FVB, IIB, SSB, prokuratura hamda "Hududgazta’minoti" mas’ullari ish olib borishmoqda.
Hozirda voqea sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.