TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekiston bo‘ylab salomatlik sayillari boshlandi. Ommaviy ko‘riklar ro‘zador bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida soat 10:00 dan 16:00 gacha etib belgilandi, deya xabar berdi Cog‘liqni saqlash vazirligi.
Qayd etilishicha, mamlakatdagi jami 208 ta tuman va shaharda respublikadan jalb qilingan 300 nafarga yaqin mutaxassislar, shuningdek, 17,5 ming tibbiy brigada va 175 ming nafardan ziyod mahalliy shifokorlar ishtirokida profilaktik tibbiy ko‘riklar, skrining dasturlari va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj, surunkali kasalligi bor bemorlarni hududlarning o‘zida belgilangan tartibda yuqori texnologik muolajalar orqali sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi.
Salomatlik sayillari har bir hududda 2 bosqichda o‘tkaziladi:
birinchi bosqichda aholi ommaviy tibbiy ko‘riklarga jalb etiladi;
ikkinchi bosqichda yuqori texnologiyali tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarda ixtisoslashtirilgan markazlarning malakali mutaxassislari ishtirokida zarur amaliyotlar bajariladi.
“To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi” umummilliy harakati debochasi sifatida boshlangan ushbu tadbirlar doirasida profilaktik va skrining tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Ko‘riklar davomida:
1-18 yoshli bolalar;
18- 40 yoshli fuqarolar;
15-49 yoshli fertil yoshdagi ayollarda chuqurlashtirilgan tibbiy va profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.
Skrining dasturlari:
2-10 yoshli bolalarda gelmintoz;
3-18 yoshli bolalarda onkogematologik kasalliklar;
40 va undan katta yoshdagi aholida yuqumli bo‘lmagan xastaliklar;
35 yoshdan katta ayollarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash maqsadida tashkil etiladi.
Surunkali xastaligi bor, viloyat va respublika darajasidagi tibbiy yordamga muhtoj bemorlar ko‘p tarmoqli poliklinikalardagi ko‘riklarga taklif etiladi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar, yotib qolgan nogironligi bor shaxslar uchun mutaxassislar tomonidan xonadonlarda sayyor tekshiruvlar tashkil etiladi.
“Ko‘riklar natijasida kasallik aniqlangan fuqarolar uchun individual sog‘lomlashtirish rejasi tuziladi. Unga muvofiq, bemorlar ambulator, uy shifoxonasi yoki kunduzgi shifoxona sharoitida, tuman–viloyat–respublika darajasida davolanuvchi toifalarga ajratiladi”, - deyiladi xabarda.
Ambulator, uy shifoxona va kunduzgi shifoxonada davolanadigan bemorlarga poliklinika va oilaviy shifokor punktlari orqali mavjud dori-darmon va sarflov materiallari bepul beriladi.
Tuman va viloyat darajasida davolanadigan bemorlarga tegishli yo‘llanmalar rasmiylashtiriladi.
Respublika ishchi guruhlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholida ko‘rsatmaga asosan hududning o‘zida yuqori texnologik muolajalar o‘tkaziladi.
Salomatlik sayillari lokatsiyasi tuman markazlaridagi soya-salqin, bahavo bog‘larda yoki tibbiyot muassasalari hududlarida bo‘lishiga alohida e’tibor beriladi. Keyinchalik muntazam o‘tkazib borilishi kutilayotgan oylik doirasida 7-aprel — Xalqaro salomatlik kuni munosabati bilan aholi ko‘p to‘planadigan jamoat joylari – bozor, supermarket, xiyobon, park va bog‘larda qator tadbirlar o‘tkaziladi.
Tadbirlar:
“Salomatlik maydonchasi”;
“Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi”;
“Biz tamakiga qarshimiz” aksiyalari;
ta’lim muassasalarida:
“Toza qo‘llar”;
“Jozibador tabassum”;
“Mening sog‘lom likopcham”.