Mirziyoyev “Aqtuba tekstil” korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi

Mirziyoyev Kegeyli tumanidagi “Aqtuba tekstil” korxonasida bo‘ldi. Korxonada 500 ta ish o‘rni yaratilgan.
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifini Kegeyli tumanidagi “Aqtuba tekstil” korxonasidan boshladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Ilgari bu tumanda sanoat umuman yo‘q edi. Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, hududlararo hamkorlik natijalari bu yerda ham sezilmoqda. Xususan, andijonlik tadbirkorlar bilan birgalikda uchta loyiha ishga tushirildi”, - deyiladi xabarda.
Ulardan biri – “Aqtuba tekstil” yiliga 3 million donadan ziyod trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. 500 ta ish o‘rni yaratilgan. Yiliga 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbari korxonadagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, ishchi ayollar bilan suhbatlashdi. Chekka hududlarda bunday yangi korxonalar ochilayotgani, xotin-qizlar ish bilan ta’minlanayotganining ahamiyatini ta’kidlab, buni davom ettirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.