Endi auksionga qo‘yilgan O‘zbekistondagi san’at asarlarini onlayn sotib olish mumkin

24 aprel kuni ilk bor O‘zbekistonda ochilgan auksion uyida san’at asarlarini munosib baholovchi auksion savdo o‘tkaziladi.
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Endi O‘zbekistondagi san’at asarlarini dunyoning istalgan nuqtasidan ko‘rish va sotib olish mumkin. Bu haqda Sputnik muxbiriga "Art Vernissage" kompaniyasi direktori Shavkat Sultonov ma’lum qildi.
O‘zbekistonda ilk bor san’at asarlarining “Art Vernissage” auksion uyi ish boshladi. Birinchi auksionga O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatgan tasviriy san’at namoyondalarining san’at asarlari qo‘yiladi. Ular ichida Viktor Ufimsev, Usto Mo‘min (Aleksandr Nikolayev), O‘ral Tansiqboyev kabi rassomlar bor.
Auksion uyi

“Ko‘p yillar respublikada san’at asarlarini baholash metodikasi va baholash tashkilotlari bo‘lmagani sababli san’at asarlari bozori rivojlanmadi va shakllanmadi. Natijada ko‘plab iqtidorli yoshlar, bo‘lajak yetuk rassom, xaykaltarosh va ustalar boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur vaziyatni o‘zgartirish, san’at vakillarining orzusini ro‘yobga chiqarish maqsadida bizining kompaniya ilk tashabbus bilan chiqdi”, - dedi mutaxassis.

Toshkent shahrida joylashgan auksion uyi tarkibida nashriyot matbaa uyi, “Art appraisal center” san’at asarlarini baholash kompaniyasi, “Art gallery” san’at galereyasi va san’at asarlarini texnologik ekspertizadan o‘tkazuvchi maxsus laboratoriya faoliyat ko‘rsatadi.
Auksion uyi
San’at asarlarini ko‘rish va uni sotib olish imkoniyati
Auksion uyining 4 ta: o‘zbek, rus, ingliz, xitoy tiliga moslashtirilgan onlayn platformasi ham mavjud, hozircha 23 ta kartina savdo uchun saralab olindi. Asarlarni saralab olishda asosan yuqori san’at darajasidagi, muzeylar kolleksiyalarga mos ishlar tanlangan.
Onlayn platforma orqali dunyoning istalgan nuqtasidan san’at asarlarini ko‘rish, uni sotib olish mumkin.
O‘zbekistonda saqlanayotgan jahon ijodkorlarining asarlari, erkin ijodkor va boshqa havaskorlarning ishlari keyingi auksionlarda qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Auksion uyi
Asarlarni baholash jarayoni
Jahon tajribasidan va milliy qonunchilikdan kelib chiqib asarlarni baholash jarayoni ikki bosqichda amalga oshirildi.
Birinchi bosqichda respublikada yetakchi san’atshunos ekspertlar tomonidan asarlar haqiqiyligi tekshirilib, badiiy qiymati aniqlandi. Ikkinchi bosqichda, O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilgan “Art appraisal center” san’at asarlarini baholash kompaniyasining baholovchi-san’atshunoslari tomonidan har bir asar bo‘yicha baholash hisobotlari tayyorlandi.

“Tashabbus orqali Yangi O‘zbekistonda san’at asarlarining kolleksionerlar sinfini shakllantirish, O‘zbekiston san’at asarlarini dunyo san’at bozorlariga olib chiqish maqsad qilingan. Asosan tadbirkorlar orasida, san’atni sevadigan va qadrlaydigan aristokratlar qatlamini yaratish orqali ijodkorlarga respublikada san’at bozorini shakllantirish va rivojlantirish vazifasi qo‘yiladi”, - dedi Sultonov.

Auksion uyi
Mutaxassisning aytishicha, barcha auksionga ko‘yiladigan san’at asarlari sug‘urta qilinadi. Bu ham O‘zbekiston sharoitida ilk marotaba amalga oshirilmoqda.