TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Mass-media fondi Transport vazirligi bilan hamkorlikda metro bekatlari va vagonlarida ayollarning zo‘ravonlikka qarshi yordam so‘rab qilgan murojaatlarini radioto‘lqinlar shaklida aks ettirgan banner va posterlarni joylashtirdi. Bu haqda fond matbuot xizmati xabar berdi.
Banner va posterlarda ayol-qizlarning ularga nisbatan zo‘ravonlik vaqtidagi nolalari, ovoz to‘lqinlari ekvalayzerini anglatuvchi adras bezaklari ko‘rinishida tasvirlangan.
Bannerlarda QR kodlar ham mavjud bo‘lib, xotin-qizlar yordam haqida ular orqali batafsil ma’lumot olishlari mumkin.
“Insonlarning fikrlashi o‘zgarmaguncha va jamiyat tomonidan zo‘ravonlik madaniyatning bir qismi emas, balki jinoyat ekanligi tushunib yetilmaguncha qonunlar to‘liq ishlamaydi. Zo‘ravonlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Zo‘ravonlik – madaniyatimizga begona”, - deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Nolalar.com – butun O‘zbekiston jamoatchiligining e’tiborini ayollarga nisbatan zo‘ravonlikdan ogoh bo‘lish, uning oldini olish va asoratlarini yengillashtirish uchun yaratilgan loyihadir.