TOShKENT, 29 mar — Sputnik. “Ramshtayn” deb ataluvchi koalitsiya tarkibiga kiruvchi 50 taga yaqin davlat qurolli mojaroda Ukraina tomonida qatnashmoqda, deydi Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev.
“NATO davlatlari hududida ukrainalik harbiy xizmatchilar faol tayyorgarlikdan o‘tkazilmoqda. “Ramshtayn” deb ataluvchi koalitsiya tarkibiga kiruvchi 50 taga yaqin davlat Kiyev rejimi tomonida qurolli mojaroda ishtirok etmoqda”, - dedi u Hindistondagi ShHTga a’zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining yig‘ilishida.
Patrushevning so‘zlariga ko‘ra, ShHTga a’zo davlatlar uchun “mamlakatlarning urf-odatlari va an’analarini saqlash, umuminsoniy qadriyatlarni saqlash, suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashishning oldini olish, sanksiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha ish olib borish o‘ta muhim”.
"ShHTga a’zo davlatlar bu kabi buzg‘unchi harakatlarning o‘ziga xos ko‘rinishlari bilan orqavorotdan tanish. Amerikaliklar va ularning satellitlarining dunyo gegemonligiga intilishining eng yorqin misollaridan biri bu ular Ukrainada qo‘zg‘atgan inqirozdir”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Ukraina mudofaasi bo‘yicha (“Ramshtayn” formati) aloqa guruhi tarkibiga 50 tadan ortiq a’zo – NATOning barcha davlatlari, Yevropa Ittifoqining aksariyat davlatlari, shuningdek, Afrika va Osiyodagi G‘arb davlatlarining ittifoqchilari kiradi. Guruhning norasmiy nomi uning a’zolari yig‘ilish joyi – Germaniyadagi AQSh harbiy havo kuchlarining “Ramshtayn” aviabazasi bilan bog‘liq.