TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Jizzax viloyatida quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Memorandum Energetika vazirligi va Xitoyning “China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” (China National Electric Engineering Company) va “SANY Renewable Energy” kompaniyalari o‘rtasida imzolandi.
“Kompaniyalar tomonidan stansiya qurish bo‘yicha qurilish maydoniga chiqib o‘rganish ishlari tez kunlarda boshlanadi”, - deyiladi xabarda.
Shuningdek, kompaniyalar O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida kelishuvlar imzolashning tartiblari yuzasidan ham o‘rganishlar olib borishadi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha tomonlar bosh kelishuvni imzolaydi.
Ta’kidlanishicha, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan O‘zbekistonga 1 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.