Yillik turizm eksportini oshirish choralari ko‘riladi

Bugungi kunda Xorazmda turistlarning qolish muddati – o‘rtacha 2 kun, sarflaydigan mablag‘i – 220 dollar.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Sayyohlik kompaniyalari, mehmonxonalarga aylanma va investitsiyani ko‘paytirish uchun qo‘shimcha 300 milliard so‘mlik kredit liniyalari ochiladi. Bu haqda turizm salohiyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
Bu kreditlar bo‘yicha foizlarning bir qismini Tadbirkorlik jamg‘armasidan qoplash tartibi joriy qilinadi.
Yig‘ilishda xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonda bir kun ko‘proq qolishi – yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshirishi ta’kidlandi.
Misol uchun, bugungi kunda Xorazmda turistlarning qolish muddati – o‘rtacha 2 kun, sarflaydigan mablag‘i – 220 dollar. Xorijiy turistlar Buxoro, Samarqandga qaraganda Xorazmda 2,5 baravar kam. Lekin, Xorazmda sayyohlarni 3-4 kun olib qolish va 400-500 dollar xarajat qilishlari uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilindi. Bu imkoniyatdan Forish, Urgut, Xo‘jayli, Payariq, Nurota tumanlari va Angren shahri samarali foydalangan.
Yig‘ilishda chekka hududda joylashgan bu tumanlarda shuncha o‘zgarish bo‘lib, sharoiti ancha yaxshi bo‘lgan Kogon, Kitob, Xatirchi, Qiziltepa, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Parkent, Bog‘ot tumanlari bu imkoniyatlardan foydalanmayotgani tanqid qilindi.
O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 3 baravarga oshdi