TOShKENT, 29 mar — Sputnik. 2022-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga oshdi. Bu haqda turizm salohiyatini jadal rivojlantirish bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bu borada qabul qilingan choralar katta natijalar berishni boshlagani qayd etildi.
Jumladan, 2022-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga oshgan (5,2 million, soha eksporti – 1,6 milliard dollar). Ichki turizm dasturlari doirasida 11,5 million, shundan 1,5 million ehtiyojmand aholi, yoshlar va keksalar sayohatlari tashkil etilgan.
Qayd etilishicha, Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani qo‘shimcha 2 million sayyoh jalb qilish imkonini bergan. Bu yili O‘zbekistonda Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishini o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand 2023-yilgi Butunjahon turizm poytaxti maqomini olgani ham bu boradagi ishlarning yuqori natijalaridan biri ekani ta’kidlandi.