TOShKENT, 28 mar — Sputnik. O‘zbekistonda tibbiyot xodimi faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Prezident 27-mart kuni imzolagan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra, mazkur kodeks quyidagi mazmundagi norma bilan to‘ldirildi:
Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish:
fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2,1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Bu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.