TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Rossiya “Shimoliy oqim” gaz quvurida uyushtirilgan portlashlar bo‘yicha xolis xalqaro tergov o‘tkazilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etadi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. RIA Novosti xabariga asosan.
"Biz barcha manfaatdor tomonlar, mijozlar va ijrochilarga oydinlik kirita oladigan xolis tekshiruvdan manfaatdor bo‘lishi kerak, deb hisoblaymiz. Biz buni o‘ta muhim deb bilamiz. Bizning BMTdagi tashabbusimiz o‘tmaganidan afsusdamiz. Lekin Rossiya bu mavzuni unutishga yo‘l qo‘ymaydi”, — dedi Kreml matbuot kotibi.
Bir kun avval BMT Xavfsizlik Kengashi hodisani tekshirish uchun maxsus komissiya tuzish bo‘yicha Rossiya rezolyutsiyasi loyihasini qabul qilmagan edi. Hujjatga Kengashning 15 a’zosidan faqat Rossiya, Xitoy va Braziliya ovoz bergan. Qolgan davlatlar betaraf maqomida qolgan, hech kim qarshi ovoz bermagan.
Ushbu ovoz berishdan so‘ng XXR Xavfsizlik kengashi komissiya tuzish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilmaganidan afsusda ekanini ma’lum qildi.
Xitoyning BMTdagi vakili o‘rinbosarining aytishicha, gaz quvurlariga qilingan terakt nafaqat Yevropa, balki butun dunyo xavfsizligiga ta’sir ko‘rsatmoqda, shuning uchun imkon qadar tezroq tergov o‘tkazish kerak.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentabr oyida Rossiyaning Yevropaga gaz yetkazib beruvchi ikkita gaz quvuri – “Shimoliy oqim” va “Shimoliy oqim 2” portlatilgan edi. Germaniya, Daniya va Shvetsiya maqsadli diversiyani istisno qilmadi. Vladimir Putin bu hodisani “oshkora terror hujumi” deb atagan edi.
Pulitser mukofoti sovrindori jurnalist Seymur Xershning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ushbu diversiyani NATOdagi ittifoqchilari yordamida amalga oshirgan: o‘tgan yozda bo‘lib o‘tgan "Baltops" harbiy mashg‘ulotlari chog‘ida amerikalik g‘avvoslar gaz quvurlarini minalashgan, uch oydan keyin esa norvegiyaliklar portlovchi moslamalarni ishga tushirishgan.
Mart oyi boshida "The New York Times" razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, "Shimoliy oqim"ga hujum ortida qandaydir ukrainaparast guruh turgani va rasmiy Kiyev uning rejalari haqida hech narsa bilmasligini yozgan edi. Rossiya rahbarining matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday nashrlarni e’tiborni chalg‘itishga qaratilgan uydirma deb atagan edi.