TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Saudiya Arabistonida Umra ziyoratchilari ketayotgan avtobus halokatga uchragani to‘g‘risida xabar tarqaldi, ushbu avtobusda o‘zbekistonlik ziyoratchilar mavjud bo‘lmagan, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi.
Ma’lum bo‘lishicha, 27-mart kuni yamanlik yo‘lovchilar bo‘lgan avtobus Saudiya Arabistonining Abha shahridagi ko‘prikdan o‘tayotgan vaqtda tormoz tizimidagi nosozlik sababli yengil avtomobil bilan to‘qnashib yonib ketgan. Ushbu hodisa oqibatida 20 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tan jarohati olgan.
Saudiya Arabistonidagi mutasaddilardan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu avtobusda o‘zbekistonlik ziyoratchilar mavjud bo‘lmagan.