TOShKENT, 28 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-apreldan pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
1 apreldan pensiya va nafaqalar miqdori 7 foizga oshirilmoqda.
O‘zbekiston hududida pensiya va nafaqalar miqdori quyidagicha belgilanadi:
pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 347 000 so‘m;
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 677 000 so‘m;
nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
1941–1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda – oyiga 3 296 000 so‘m;
belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 so‘mdan) 747 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori – oyiga 747 000 so‘m;
zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;
ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda – oyiga 535 000 so‘m;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m;
boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun – 198 000 so‘mdan qo‘shiladi;
boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.
Shuningdek, 2023-yil 1-maydan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 7 foizga oshiriladi.
1 maydan boshlab:
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming so‘m (hozir 920 ming);
bazaviy hisoblash miqdori – oyiga 330 ming so‘m (hozir 300 ming) etib belgilanadi.
Ish haqini oshirish uchun budjetdan 8,1 trln so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratilmoqda.