TOShKENT, 28 mar — Sputnik. O‘zbekistonda shu yilning o‘zida qariyb 11 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Hududlarda 23 milliard dollarlik 12 mingta yangi loyiha, shu jumladan, 3 mingdan ziyod sanoat loyihalari ishga tushirilishi belgilangan.
Mutasaddilarning hisobotiga ko‘ra, yil boshidan 764 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan, 1 ming 300 ta yirik va o‘rta loyihalar ishga tushirilgan. Eksport 3 milliard dollarni tashkil qilgan.
Davlat rahbari bu natijalar yetarli emasligini, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda ikki karra ko‘proq harakat qilish kerakligini ta’kidladi.
Prezident ishga tushadigan loyihalar ijrosini hududlar va tarmoqlar kesimida kunlik nazorat qilib, muammolarni hal qilib borish zarurligini qayd etdi.
“304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyihalarni ishga tushirilishi natijasida shu yilning o‘zida 10 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish va 200 million dollarlik eksport qilish imkoniyatlari mavjud”, - deyiladi xabarda.
Tashqi bozorlarni doimiy tahlil qilib, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, yangi transport yo‘laklarini topish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Raqobat kuchayib borayotgan ayni paytda mahsulotlar sifatini oshirish va tannarxini tushirish muhimligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, mamlakatda so‘nggi yillarda chet el korxonalari 5 mingtadan 16 mingtaga ko‘paydi. Eksport qiluvchi korxonalar soni besh yilda 4 ming 500 tadan 7 ming 200 tagacha oshgan. Eksport qilinayotgan mahsulot turlari ham 1 ming 500 tadan qariyb 3 mingtagacha oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga yetdi. Tayyor mahsulot eksporti 2 baravarga, ularning tovarlar eksportidagi ulushi 50 foizdan 65 foizga oshdi.