Referendum — 2023

Pamfilova O‘zbekistonda referendumni kuzatishda ishtirok etadi

Rossiya MSK mamlakat hududida yashayotgan o‘zbekistonliklar uchun yangi Konstitutsiyaga bag‘ishlangan referendumni tashkillashtirishda yordam beradi.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Rossiya Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Ella Pamfilova O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayevning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendumni monitoring qilishda ishtirok etish taklifini qabul qildi, deb xabar berdi Rossiya MSK.
"Botirjon Asadov (O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi - tahr.) Rossiya Markaziy saylov komissiyasi raisiga O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rahbari Zayniddin Nizomxo‘jayevning referendumni xalqaro kuzatishda ishtirok etish taklifini yetkazdi. Ella Pamfilova taklifni minnatdorlik bilan qabul qildi", — deyiladi xabarda.
Ma’lum bo‘lishicha, Ella Pamfilova va MSK markaziy qo‘mitasi a’zosi Pavel Andreyev dushanba kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Unda Asadov MSK raisiga Rossiyada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining ovoz berishini tashkillashtirishda ko‘maklashish so‘rovi bilan murojaat qilgan.
“Albatta, Rossiya Markaziy saylov komissiyasi va hududiy saylov komissiyalaridagi hamkasblarimiz mamlakatimiz hududida O‘zbekiston fuqarolarining ovoz berishini tashkil etishda barcha zarur yordamni ko‘rsatadi”, — dedi Pamfilova.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning aytishiga ko‘ra, O‘zbekistonning yangi konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumida ovoz berish uchun 39 ta xorijiy davlatda 55 ta statsionar saylov uchastkalarida amalga oshiriladi. Ulardan yettitasi Rossiyada tashkil etiladi.
Muddatidan oldin ovoz berish 19-26 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.
Konstitutsiya islohoti

O‘zbekistonda 2023-yilda konstitutsiyaviy islohot o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda 2022-yilda Meningkonstitutsiyam.uz va boshqa platformalar yordamida aholidan 220 mingdan ortiq Bosh qonunni takomillashtirishga qaratilgan fikr va mulohazalar jamlangan edi.

Keyinchalik ular xalqaro va mahalliy ekspertlar yordamida umumlashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

Yangi Qonun loyihasi bir necha oy davomida muhokama qilinganidan so‘ng joriy yilning mart oyida Oliy Majlis qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi va umumxalq referendumini o‘tkazish 2023-yil 30-aprel kuniga belgilandi.