O‘zbek ertaklari koreys tiliga tarjima qilindi

Tarjima qilingan o‘zbek ertaklari Samarqand haqida tasavvurga ega bo‘lishga imkon yaratadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar — Sputnik. Janubiy Koreyalik bolalar uchun o‘zbek ertaklari koreys tiliga tarjima qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, “Sharq gavhari – Samarqand”, “Mening bulut do‘stim”, “Nortoy va qorbobo”, “Makkorning hiylasi”, “Kichkina musiqachi” ertaklari koreys tiliga tarjima qilingan.
Ushbu loyiha o‘zbek xalqining madaniyati, milliy urf-odatlari va an’analarini xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Koreya Respublikasi madaniyat, sport va turizm vazirligi huzuridagi Osiyo madaniyat markazi ko‘magida amalga oshirilgan.
Osiyo madaniyat markazi (Asia Culture Center, ACC) xalqaro madaniyat va san’at almashinuvi markazi bo‘lib, 2015-yil noyabr oyidan boshlab o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda.
Tarjima qilingan o‘zbek ertaklari Samarqand va uning Sharq va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-sotiq va madaniy aloqalarga qo‘shgan hissasi haqida tasavvurga ega bo‘lishga imkon yaratadi.
Shuningdek Registon maydoni, Samarqand hunarmandchilik durdonalari, shoyi gazlamalari va “Afrosiyob” elektropoyezdi haqida ma’lumotlar matn va yorqin rasmlar orqali ifoda etilgan.