TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali muloqot qildi.
O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ikki davlat yetakchilari suhbat chog‘ida oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining tahlilini batafsil ko‘rib chiqishgan.
Mirziyoyev va as-Sisi ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining energetika, tog‘-kon, charm va zargarlik tarmoqlari, sog‘liqni saqlash va telekommunikatsiya sohalari kabi yo‘nalishlarda aniq kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratishgan.
Qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish uchun faol muloqotlarni davom ettirish va qulay sharoitlarni shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Shu maqsadda ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlarini muntazam o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 20-21 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan Misrda bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston va Misr birgalikda “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish, ikki davlatni bog‘lovchi maqbul transport yo‘nalishlarini ishlab chiqish, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.