Pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi

Xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, katta jarima yoki 3-yilgacha muayan huquqdan mahrum qilish yoxud 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
Sputnik
TOShKENT, 27 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi. Bu haqda prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda. Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln so‘mgacha (bazoviy hisoblash miqdorining (BHM) 100 baravari) jarimaga sabab bo‘lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln so‘mgacha (BHMning 150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.
Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi.
Ya’ni pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3-yilgacha muayan huquqdan mahrum qilish yoxud 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.
Shuningdek, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima belgilanmoqda.
Ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanishi mumkin
"Faqat ilm, ta’limni rivojlantirish orqali biz buyuk davlat qura olamiz. Faqat ilmlilargina buyuk ishlarga qodir. Barcha ustozlarimizga ushbu yangilik muborak bo‘lsin. Endi siz qonun himoyasidasiz.”, - deya yozdi Allamjonov o‘zining Telegram-kanalida.

Mavzuga oid:

Mirziyoyev: o‘qituvchilarni boshqa ishlarga jalb etish davlatga xiyonat deb baholanishi kerak
Mirziyoyev o‘qituvchilarga: maoshingizni oshirdik, kelajakda yana ko‘paytiramiz
O‘qituvchilarning maqomini Konstitutsiyada belgilash zarur – prezident
O‘qituvchilarga qo‘shimcha ishlarni yuklaydiganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin