TOShKENT, 26 mar — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining a’zolari uchun o‘quv seminar tashkil etildi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Joriy yilning 24-25 mart kunlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Referendum o‘tkazuvchi komissiya a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining a’zolari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etildi”, - deyiladi xabarda.
Mashg‘ulotlarda referendumni tashkil etish va o‘tkazishda okrug va uchastka komissiyalarining o‘rni, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, xorijiy kuzatuvchilar bilan muloqotning e’tiborli jihatlari, ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda okrug komissiyalari oldida turgan vazifalar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, referendum kuniga tayyorgarlik, ovoz berish yakunlarini aniqlash kabi mavzular muhokama etildi.
Ta’kidlanishicha, seminar-trening so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalariga guvohnoma va muhrlar topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining referendumi 2023-yil 30-aprel – yakshanba kuni o‘tkaziladi.