Saratonni davolovchi preparat dorixonalarda sotilmaydi — Fanlar akademiyasi

Fanlar akademiyasi o‘zbekistonlik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan onkologik kasalliklarni davolaydigan yangi dori haqida qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Sputnik
TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Yadro fizika institutida ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan lyutetsiy-177 PSMA-617 radiofarmatsevtik dori vositasi radioaktiv modda bo‘lib u dorixonalarda sotilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston fanlar akademiyasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, dori lyutetsiy-177 radioizotopi va PSMA-617 prostata spetsifik menbranali antigendan tashkil topgan. Ya’ni bu dori vositasi asosan katta yoshdagi erkaklardagi prostata bezi rakini davolashda samarali hisoblanadi. Shu bilan birga to‘rtinchi va beshinchi dozalarida tananing boshqa qismlaridagi metastazalarga ham terapevtik ta’sir ko‘rsatishi kuzatilgan.
“Bu dori vositasi radioaktiv modda bo‘lib u dorixonalarda sotilmaydi. Bu faqat shifoxona va klinikalarga yetkazib beriladi. Klinikalarda bemorlar tekshiruvdan o‘tkazilib, PET (pozitron-emission tomografiya) yordamida tashxis qo‘yiladi. Bemordagi kasallikni lyutetsiy-177, PSMA-617 yordamida davolash mumkinligi aniqlansa klinika bizning korxonaga shu dorining kerakli dozasiga buyurtma beradi”, deyiladi xabarda.
Davolash faqatgina kasalxona sharoitida, maxsus gamma kameralar bilan kuzatuv ostida olib boriladi. Bemorlar bu dori vositasini o‘zlaricha dorixonadan sotib olib o‘zlari davolana olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dori vositasi “Radiopreparat” davlat korxonasi va Radiokimyo ilmiy laboratoriyasi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar mahsuli ekanligi ma’lum qilingandi. Ushbu dorining bir dozasi hozirda AQShda 70 000 dollarga, Yevropada esa taxminan 25 000 dollarga sotilmoqda. O‘zbekistonda ushbu dorini respublikaning 3 ta onkologiya klinikasiga 1,5 ming dollardan yetkazib berish boshlangan.