TOShKENT, 25 mar — Sputnik. O‘zbekistonda ilk auksion uyi ochildi. Uning birinchi savdosini o‘tkazish aprel oyining o‘rtalariga rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi xabar berdi.
O‘zbekistonda birinchi auksion uyi va baholash kompaniyasi ish boshladi. Uning asosiy faoliyati mamlakatdagi tasviriy va amaliy san’at sohasidagi ijodkorlarning reytingini oshirishga qaratilgan. Tashkilot ijodkorlarning asarlarini sotish va baholash imkoniyatini yaratib beradi.
Birinchi auksionda respublikada yashab ijod qilgan mashhur rassomlar bilan bir qatorda, tanilmagan rassomlarning asarlari ham savdoga qo‘yiladi.
San’at asarlarini baholovchi yagona tashkilot rasmlar ko‘rgazmasi, baholash komissiyasi, texnologik tajribalar laboratoriyasi, san’at obyektlarini ekspertizadan o‘tkazish va kim oshdi savdosi jarayonlarini o‘z ichiga oladi.