TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Yer yuzida vabo kasalligining tarqalish xavfi juda yuqori, lekin O‘zbekiston hududida vabo qayd etilmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.
O‘zbekiston hududiga 2023-yilda karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalish holatlari kuzatilmadi.
“Hozirda mamlakat hududiga kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarini kesishish joylarida 48 ta sanitariya – karantin punktlari faoliyat olib bormoqda”, - deydi qo‘mita boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov.
Xabarda sayohat qilishni rejalashtirayotgan aholidan bir qator tavsiyalarga e’tibor qaratish so‘ralmoqda.
Xorijga chiqmoqchi bo‘lganlar uchun tavsiyalar:
Yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish uchun infeksiyani va kasallikning keyingi rivojlanishini oldini olish uchun ehtiyot choralarini ko‘rish;
faqat ishonchingiz komil bo‘lgan ovqatni iste’mol qilish;
faqat kafolatlangan xavfsiz suv va ichimliklar (ichimlik suvi va zavod qadoqidagi ichimliklar, qaynatilgan suv) ichish. Xom suvdan tayyorlangan muzlarni iste’mol qilmaslik;
go‘sht, baliq, dengiz mahsulotlarini termik ishlovdan so‘ng iste’mol qilish;
oziq-ovqat mahsulotlariga zarurat tug‘ilganda faqat ixtisoslashtirilgan do‘konlar yoki zavod qadoqlaridagi mahsulotlarni sotib olish;
meva va sabzavotlarni xavfsiz suv bilan yuvib, qaynoq suv bilan chayish;
ovqatlanishdan oldin har doim qo‘lni sovun bilan yaxshilab yuvish;
suv havzalari va hovuzlarda cho‘milish yoki suzish jarayonlarida og‘iz bo‘shlig‘iga suv kirishiga yo‘l qo‘ymaslik;
turg‘un va sekin oqadigan suv havzalarida cho‘milmaslik, bu sog‘liq uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.
Shuningdek, iloji boricha mahalliy umumiy ovqatlanish korxonalari xizmatlaridan foydalanmaslik va notanish yeguliklarni tatib ko‘rmaslik, bozor va rastalardan ishlab chiqarilishi no‘malum bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilmaslik, uy sharoitida tayyorlangan noz-ne’matlarni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.
Ma’lumot uchun, avvalroq JSST tomonidan yana to‘rt mamlakatda vabo epidemiyasi qayd etilgani, Yer yuzida vabo kasalligining tarqalish xavfi juda yuqoriligi ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, 2023-yil boshidan buyon dunyoning 26 davlatida vabo kasalligi qayd etilgan. Kasallanganlarning soni 25,9 mingdan ortiq kishini tashkil etgan bo‘lsa, ularning 735 nafari o‘lim bilan yakunlangan.
Shuningdek, 129 mingdan ortiq kishi vaboga kasalligiga shubha qilingan. Kasallik eng ko‘p Afrika qit’asi davlatlarida (23 mingdan ortiq) ro‘yxatga olingan.
Kongo Demokratik Respublikasi -11,1 ming;
Nigeriyada - 5 mingdan ortiq;
Somali - 1,6 ming;
Keniya - 1,1 ming kishi.
Qayd etilishicha, aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan yetarlicha ta’minlanmaganligi epidemik vaziyatni murakkablashtirmoqda.