O‘zbekiston agrosanoat sektorida yangi sug‘urta tizimini ishga tushiradi — tafsilotlar

Poytaxtda “AgroInsurance 2023” II xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilarga O‘zbekistonda ishga tushirilishi rejalashtirilgan yangi sug‘urta tizimi loyihasi tanishtirildi.
Sputnik
TOShKENT, 25 mar — Sputnik. O‘zbekiston agrosanoat sektorida yangi sug‘urta tizimini ishga tushiradi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “AgroInsurance 2023” II xalqaro konferensiyasida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Poytaxtda “AgroInsurance 2023” sug‘urta va O‘zbekiston moliyaviy agrosanoat kompleksining istiqbollari” nomli xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi agrosanoat sektorida sug‘urta ta’minotini yangi bosqichga ko‘tarish, shuningdek, yangi loyihalar: klasterlar, raqamli iqtisodiyot, kreativ texnologiyalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

“Semurg insurance” kompaniyasi tomonidan Shvetsariyaning “Swiis Re” yangi sug‘urta tizimi O‘zbekistonga olib kirilmoqda. Mazkur loyiha agrosanoat mahsulotlarini qayta sug‘urtalovchi tizim bo‘lib, unda monitoring, raqamli texnologiyalar, dronlar, konsalting kabi xizmatlar mavjud”, dedi kompaniya bosh direktor o‘rinbosari Jasurbek Abdullajonov.

Bunda paxta, donli ekinlar, mevali daraxtlar, sabzavotlar kabi barcha qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘urtalash mumkin.
2020 yilda O‘zbekistonda 327 000 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlariga “chigirtka balosi” orqali zarar yetkazilgan. Yoki qishloq xo‘jaligi ekinlariga hayvonlar, qushlar va kemiruvchilarning hujumi kuzatiladi. Agrosug‘urta orqali bu xavf-xatarlarni oldi olinadi va hosildorlikning natijasi oshiriladi.
“Qishloq xo‘jaligida sug‘urta mexanizmlarini ishlab chiqish muhim sanaladi. Hozirda 9000 fermer, 5000 ga yaqin dehqonlar agrosanoat sohasida faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, sohada sug‘urta tizimini joriy qilish oldindagi xavf-xatarlarni oldini oladi”, dedi Qishloq xo‘jaligi vazir o‘rinbosari Umid Madaminov.
Xalqaro konferensiyada qishloq xo‘jaligida investitsiyalar, innovatsion loyihalar va yangi dasturlarning taqdimotlari o‘tkazildi.