TOShKENT, 25 mar — Sputnik. Xitoy rahbariyati XXR raisi Si Szinpin va AQSh prezidenti Jo Bayden o‘rtasida telefon suhbatini tashkil etishdan manfaatdor emas. Bu haqda Reyter o‘z manbalariga tayanib xabar berdi, deb yozmoqda RIA Novosti.
AQSh ma’muriyati Xitoy rahbarining yaqinda Moskvaga qilgan tashrifi fonida Bayden va Si Szinpin o‘rtasidagi suhbatni tashkil etishga qiziqish bildirayotganini ko‘rsatdi.
Mart oyi boshida Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi CNN telekanaliga Bayden xitoylik hamkasbi bilan gaplashmoqchi ekanligini, lekin hali qo‘ng‘iroqni rejalashtirmaganini aytgandi. Keyinroq u Vashington muzokaralar “kerakli vaqtda” bo‘lib o‘tishiga umid qilayotganini, biroq Xitoy rahbari hozircha “juda band” ekanini aytdi.
Agentlikka ko‘ra, Si Szinpin va Bayden o‘rtasidagi suhbat Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish yo‘lidagi “birinchi qadam” bo‘lishi mumkin.
Lekin, amerikalik diplomatlarning sa’y-harakatlariga qaramay, Xitoy bu g‘oyaga "alohida qiziqish bildirgani yo‘q", dedi Reyter agentligiga nomi oshkor etilmagan manbalar.