TOShKENT, 24 mar — Sputnik. Rossiya kompaniyalari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Sog‘liqni saqlash – TIHE” ko‘rgazmasida ilg‘or tibbiyot asbob-uskunalar va innovatsion texnologiyalarni namoyish etadi. Bu haqda Sputnik muxbiriga Rossiya eksport markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxtda 13-15 aprel kunlari “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Sog‘liqni saqlash – TIHE” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unga "Made in Russia" milliy brendi ostidagi 13 kompaniya Turkiya, Yevropa, Osiyo va Afrikadagi hamkorlar tomonidan yuqori baholangan ilg‘or tibbiyot asbob-uskunalari va innovatsion texnologiyalarini olib keladi.
“TIHE-2023 Rossiya va O‘zbekiston kompaniyalariga tibbiy texnologiyalarni yetkazib berish sohasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Ma’lumot uchun, mazkur ko‘rgazma har yili turli ixtisoslikdagi shifokorlar, farmatsevtlar, dori vositalari va farmatsevtika asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilarini birlashtiradi. Tadbir ishtirokchilari sog‘liqni saqlash sohasidagi so‘nggi yangiliklar va ishlanmalar bilan yaqindan tanishishlari mumkin bo‘ladi.