Referendum — 2023

Referendumni o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tuzildi — ular orasida jurnalistlar ham bor

MSK referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining tarkibini tasdiqladi. Ular jami 266 nafar a’zodan iborat.
Sputnik
TOShKENT, 23 mar — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) referendum o‘tkazuvchi 14 ta okrug komissiyalarini tuzdi. Ular orasida huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, jurnalistlar ham bor, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Bugun Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.
Majlis davomida komissiya a’zolari referendum o‘tkazuvchi 14 ta okrug komissiyalarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilishdi va ularning tarkiblarini tasdiqlashdi.
Demak, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari jami 266 nafar a’zodan iborat bo‘lib, shulardan ayollar 112 nafarni, ya’ni 42 foizni tashkil etadi.
Okrug komissiyalari rahbar (rais, rais o‘rinbosari va kotib) lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Ilk bor okrug komissiyalari raisligiga ikki nafar ayol tasdiqlandi.
Shuningdek, okrug komissiyalari tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar 5 foizni tashkil etmoqda. Komissiyalar a’zolarining 6,0 foizi yoshlar vakillari, 58,3 foizi 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan iborat.
Ta’kidlanishicha, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali referendum uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.
Qolaversa, murojaatlarni ko‘rib chiqish, fuqarolarga referendumga oid maslahatlar berish, huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida MSK huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etildi.