TOShKENT, 23 mar — Sputnik. O‘zbekistonda endi ma’muriy jarimalar 15 kun ichida to‘lansa, 50 foiz chegirma qo‘llaniladi. Prezident 23-mart kuni imzolagan qaror bilan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash tizimi yanada soddalashtiriladi.
Shunga ko‘ra, 2023-yil 1-maydan:
huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi.
Mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, ilgari O‘zbekistonda huquqbuzar 15 kun ichida jarimaning 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinardi.