Angrenda tez tayyor bo‘luvchi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish zavodi ochiladi

Yirik zavod 125 million dollarlik loyiha asosida quriladi va 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Toshkent viloyatidagi “Angren” EIZda tez tayyorlanadigan oziq-ovqat, alkogolsiz ichimliklar, quritilgan sabzavotlar va chipslar ishlab chiqaradigan yirik zavod quriladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vyetnamning "Mareven Food Holdings" kompaniyasi direktori Nguyen Duong bilan muzokara o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, yirik zavod 125 million dollarlik loyiha asosida quriladi va 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Muzokaralar chog‘ida kompaniya mahsulotlarini qabul qilish, O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga tarqatish maqsadida Toshkent viloyatida logistika markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi.