TOShKENT, 21 mar — Sputnik. 21 mart kuni “Silk Avia” mintaqaviy milliy aviakompaniyasining birinchi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi, deb xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati.
Xarid qilingan uchta ATR 72-600 samolyotidan birinchisi Bangkokdan Toshkentga oltita texnik to‘xtash bilan – Singapur, Hindiston, O‘mon, Misr, Kipr va Ozarbayjon orqali uchib kelgan.
Ta’kidlanishicha, yaqin kunlarda Toshkentga yana ikkita sinov parvozlarini amalga oshirgan va eksport sertifikatlarini olgan samolyotlar yetib keladi, ular ham texnik ko‘rikdan o‘tib va to‘liq bo‘yalgan.
Takidlash joizki, 70 kishilik ATR 72-600 dunyodagi eng mashhur qisqa masofali samolyotlardan biri hisoblanadi. Airbus A320 ga nisbatan to‘rt baravar kam yoqilg‘i sarflaydigan xavfsiz, tejamkor va arzon samolyot.
Eslatib o‘tamiz, “Silk Avia” birinchi mintaqaviy loukoster aviakompaniyasi prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilgan edi. Birinchi bosqichda Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Urganch hamda Farg‘ona vodiysi shaharlariga reyslar ochiladi. Chiptalar narxi 180 ming so‘mdan boshlanishi rejalashtirilmoqda.