TOShKENT, 21 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston aholisini bayram bilan tabrikladi.
"Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda muazzam “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida turib, siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun xalqimizni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda keksayu yosh jamiki yurtdoshlarimizni chin dildan qutlab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.
Sharqona yangi yilimiz muborak bo‘lsin!", - dedi prezident.
O‘z tabrik so‘zida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning 36 million xalqini rozi qilish, inson qadrini ulug‘lash haqida yana bir bor to‘xtalib o‘tdi.
"Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq-huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash, barcha shahar va tumanlar, olis va chekka hududlar aholisi uchun munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish – mana, bizning bosh maqsadimiz.
Shu ezgu yo‘lda iqtisodiyotimiz va ijtimoiy sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, sog‘lom turmush tarzi va sport, ona tabiatni asrash kabi yo‘nalishlarda boshlagan katta-katta dasturlarimizni jadal davom ettiramiz", - dedi prezident.
Shundan so‘ng prezident O‘zbekiston sportchilarining yutuqlarini mamnunlik bilan sanab o‘tdi. Jumladan O‘zbekiston U20 futbol jamoasining Osiyo futbol kubogidagi g‘alabasi hamda U18 xokkey jamosi Osiyo va Okeaniya turnirida qo‘lga kiritgan g‘alabalarini alohida qayd etdi.
Prezident tabrik so‘zining to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.