Qozog‘iston aviakompaniyasi Olmaotadan Samarqandga parvozlarni qayta tikladi

Parvozlar haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 mar — Sputnik. Uzoq tanaffusdan so‘ng Qozog‘istonning “FlyArystan” loukoster aviakompaniyasi Olmaotadan Samarqandga parvozlarni qayta tikladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.
18 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 19:34 da bortida 171 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot Samarqand xalqaro aeroportiga qo‘ndi. An’anaga ko‘ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi.
Qayd etilishicha, Olmaota — Samarqand — Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar "Airbus A320" samolyotlarida haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“FlyArystan” Qozog‘istonning arzon aviatashuvchisi. Uning shtab-kvartirasi Olmaotada joylashgan. Kompaniya Qozog‘istondagi eng yirik “Air Astana” aviakompaniyasi negizida tashkil etilgan.