Rus va O‘zbekiston doimo birga bo‘lgan va bo‘ladi – Mirziyoyev

Prezident Rossiya milliy madaniy markazi ko‘rgazmalarini ko‘zdan kechirayotib, Rus va O‘zbekiston doimo birga bo‘lgani va bo‘lishini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida bo‘lib o‘tgan Navro‘z shodiyonasidan so‘ng milliy madaniyat markazlari va xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalarini kuzatdi.
Xususan, Rus milliy madaniy markazi ko‘rgazmalarini ko‘zdan kechirayotib, Rus va O‘zbekiston doimo birga bo‘lgani va bo‘lishini aytdi.
“O‘zbekiston 24” telekanali orqali efirga uzatilgan lavhada Rus milliy madaniy markazi vakillari ikki xalq do‘stligiga bag‘ishlangan qo‘shiqni ijro etayotgani ko‘rsatilgan.
“Men sizlarni bayram bilan tabriklayman, farovonlik va baxt-saodat tilayman. Tinchlik va xotirjamlikda yashayotganimiz eng asosiy yutuq. Qo‘shiqda to‘g‘ri aytilgan: Rus va O‘zbekiston doimo birga bo‘lgan va bo‘ladi. Eng mushkul davrlarda birga bo‘lganmiz va birga bo‘lamiz”, - dedi Mirziyoyev.