TOShKENT, 21 mar — Sputnik. AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Ukrainada tinchlik o‘rnatish jarayonidagi betaraf vositachilar roliga da’vo qila olmaydi, chunki ular mojaroda ishtirok etmoqda, deya ma’lum qildi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi. RIA Novosti xabariga asosan.
TIVning ushbu bayonoti Munxen xavfsizlik konferensiyasining sobiq rahbari Volfgang Ishingerning OAVda paydo bo‘lgan “tinchlik jarayonini boshlash” uchun Ukraina bo‘yicha aloqa guruhini tuzish va unda Vashington, London, Parij va Berlin ishtirok etishi kerak degan taklifidan so‘ng e’lon qilindi.
"Rasman biz bu tashabbus haqida hech narsa bilmaymiz. <...> Shunga qaramay, Ishingerning g‘oyasi o‘rinli savollarni tug‘dirmoqda. Avvalambor, taklif etilgan ushbu to‘rtta davlatlar Rossiyaga qarshi mojaroning ishtirokchilari ekanini unutmaslik kerak", - deyiladi TIV bayonotida.
Shuningdek, TIV bayonotida aynan ushbu davlatlar bir necha yil oldin Kiyevda Konstitutsiyaga xilof ravishda davlat to‘ntarilishi uyushtirganini va undan so‘ng Minsk shartnomalarini qasddan sabotaj qilganini ham esga olingan.
"AQSh, Britaniya, Fransiya va Germaniya Ukraina mojarosini to‘xtatishdan manfaatdor emas, ular aksincha uni imkon qadar uzoqroq cho‘zishni istaydi", - deydi Rossiya TIV.
Vazirlikning qayd etishicha, ushbu davlatlar Ukrainaga qurol yetkazib beradi va yollanma askarlar yuboradi, Ukraina Qurolli kuchlarini razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlaydi va ukrainalik askarlarni tayyorlaydi. Qolaversa, ular Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilishdi, uning xorijiy aktivlarini blokirovka qilishdi, uning rahbariyatini jazolash uchun tribunalni talab qilishdi va Moskva bilan hamkorlik qilishni istagan davlatlarni shantaj qilishmoqda.
Moskva tasavvurida esa Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun butunlay boshqa harakatlar kerak. Mojaroni chinakam keng qamrovli, adolatli va barqaror hal etish faqat jangovar harakatlarni to‘xtatish va G‘arb qurollarini yetkazib berishni bas qilish, yangi hududiy voqeliklarni tan olish, Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish, uning neytral va bloksiz maqomini belgilash, sanksiyalarni bekor qilish, Rossiyaga qarshi da’volarni qaytarib olishdan so‘ng mumkin. Shuningdek Ukrainada rus tilining maqomini, milliy ozchiliklarning huquqlarini, Rossiya va Ukrainaning boshqa qo‘shnilari bilan do‘stona munosabatlarini tiklash orqali amalga oshirish mumkin.