TOShKENT, 20 mar — Sputnik. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Vladivostok shahrida "Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim" shiori ostida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirni o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, bayram marosimida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi delegatsiyasi, Primorsk o‘lkasi hukumati a’zolari, Primorsk o‘lkasida akreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus, o‘zbek va boshqa millat diasporal tashkilotlarining faol vakillari hamda vatandoshlar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida o‘zbek xalq milliy hunarmandchilik mahsulotlari, xalq amaliy san’ati buyumlari ko‘rgazma tashkil etildi.
Bayram tadbirida, shuningdek, taniqli o‘zbek san’atkorlari o‘zlarining madaniy dasturlarini taqdim etishdi. Konsert dasturi davomida ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Vatandoshlar Navro‘z bayrami va milliy madaniyat, qadriyatlar aks etgan sahna ko‘rinishlarini ham namoyish etishdi.