TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Chirchiq va Qorasuv darolari oralig‘ida "Yangi Toshkent" loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi “Yangi Toshkent” loyihasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimida ma’lum qilindi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov.
Aytilishicha, loyihani amalga oshirish uchun tanlab olingan hudud dengiz sathidan 500 metr baland bo‘lib, shaharga yaqinligi, o‘z iqlimi, bahavoligi va ikki daryo o‘rtasida joylashgani bilan noyob hisoblanadi.
Hozirgi Toshkent 43 ming gektar xududni egallaydi. "Yangi Toshkent" loyihasi doirasida qo‘shimcha 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta’minlanadi.
Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi.
Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.
Bosqichma-bosqich davlat idoralari ham Yangi Toshkentga ko‘chib boradi.
Ularning hozirgi binolari o‘rnida mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va savdo obyektlari ochilib, Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylanadi.