TOShKENT, 18 mar — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” xabar berdi.
Qozog‘istonning Chimkent shahrida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ va "Qazaqstan temіr joli" AJ o‘rtasida "Sariagash" davlatlararo tutashuv punktining yuk o‘tkazish salohiyatini oshirish uchun "Oq ko‘prik" va "Sariagash" stansiyalarida texnologik jarayonlarni takomillashtirish bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, shu yilning avgust oyiga qadar "Oq ko‘prik" stansiyasida mavjud bo‘lgan qabul qilish va jo‘natish yo‘llarini uzaytirish va qo‘shimcha yo‘llar qurilishi yakunlanadi.
Ushbu loyihani amalga oshirish natijasida "Oq ko‘prik" chegara punkti orqali o‘tkazish imkoniyati kuniga 30 juft poyezdidan 45 juft poyezdga oshiriladi. Shunga mos ravishda yiliga yuk tashish hajmi 60 million tonnagacha oshishiga erishiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi
© “O‘zbekiston temir yo‘llari”
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama uchrashuv bayonnomasi imzolandi.
Ma’lumot uchun, 2022-yilda davlatlararo tutashuv punkti orqali yuk tashish hajmi yiliga 32 million tonna, yoki kuniga o‘rtacha 22 juft yuk poyezdini tashkil etgan.