TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Sewerage Services Company” kompaniyasi poytaxtdagi oqava suvlarini tozalashga yordam beradi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Toshkent shahar hokimi v.b Baxtiyor Rahmonov BAAning “Abu Dhabi Sewerage Services Company” boshqaruvchi va bosh ijrochi direktori Ahmad Al Shamsi boshchiligidagi kompaniya mutasaddilari bilan uchrashdi.
Unda Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanining “Surum” MFY hududida barpo etilishi rejalashtirilgan Oqava suvlarni yig‘ish va tozalash inshootini loyihalash, qurish, buning uchun zarur infratuzilmani yaratish, mavjud tizimlar bilan integratsiya qilishga oid tashkiliy va texnik masalalar ko‘rib chiqildi.
BAA kompaniyasi Toshkentdagi oqava suvlarini tozalashga yordam beradi
© Toshkent shahar hokimligi
Ahmad Al Shamsi loyiha haqida ma’lumot berar ekan, bugungi kunda Germaniya va Yaponiya kompaniyalarining mas’ul mutaxassislari ish olib borishayotganini bildirdi.
Qayd etilishicha, hozirda mutaxassislar inshoot loyihasi va dizayni borasida ishlamoqda. Buning uchun shaharning o‘sish suratlari, aholi soni va buning yaqin kelajakka oid prognozi ham muhimligi ta’kidlandi.
Loyiha 4-yilga mo‘ljallangan va u ikki komponentdan iborat. Loyiha tayyor bo‘lganda umumiy hisobda sutkasiga 1,5 million metr kub oqava suvlarni qabul qilib, tozalaydi.
Uning ishga tushirilishi “Salar”, “Bektemir” va qisman “Bo‘zsuv” inshootlariga yo‘naltirilayotgan oqava suvlarni to‘liq qamrab oladi.