TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) navbatdan tashqari sammitida nutq so‘zladi.
Sammit avvalida ishtirokchilar 6-fevral kuni Turkiyaning janubi-g‘arbiy hududlarida ro‘y bergan vayronkor zilzilalar qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.
O‘zbekiston yetakchisi hayotdan bevaqt ko‘z yumgan barcha insonlarning porloq xotirasiga alohida hurmat ramzi sifatida 6-fevral sanasini TDT doirasida Qurbonlarni xotirlash va birdamlik kuni, deb e’lon qilishni taklif etdi.
Mirziyoyev O‘zbekiston vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat obyektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga yordam berish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni yo‘naltirishga tayyorligini ta’kidladi.
“Bundan tashqari, talofat ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarni yurtimizda sog‘lig‘ini tiklash va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturudiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjoylarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Turkiyaning jabr ko‘rgan Hatay muzofoti yoshlari ushbu yoz mavsumida O‘zbekistonga taklif qilindi. Ular uchun mazmunli hordiq va qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlar, yurtimizdagi tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlar tashkil etiladi.
“Ming afsuski, so‘nggi yillarda global iqlim o‘zgarishlari bu kabi vayronkor hodisalar ko‘lami va zararini keskin oshirmoqda”, - dedi u.
Favqulodda holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Tashkilotning Tizimli hamkorlik platformasini tashkil etish va uning asosida qator aniq mexanizmlarni yaratish tashabbusi ilgari surildi.
Jumladan, Tashkilot doirasida tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ko‘p tomonlama bitimni tezroq ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada O‘zbekiston Turkiya tomoni taqdim etgan fuqarolar muhofazasi bo‘yicha tizim yaratish haqidagi hujjat loyihasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha vazirliklar o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini keskin faollashtirish lozimligi qayd etildi. Ularning navbatdagi yig‘ilishida eng ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma harakatlar dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.
Tabiiy ofatlarning ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishda yaqindan ko‘mak ko‘rsatish mexanizmlarini joriy etish maqsadga muvofiqligi alohida ta’kidlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish mollarini to‘siqsiz yetkazib berish, sanoatni tiklashga qaratilgan kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish taklifi ilgari surildi.
“Ilmiy va texnologik sohalarda erishilgan yutuqlarga qaramasdan, zilzilalar, sel va suv toshqinlari, o‘rmon yong‘inlari, bo‘ronlarni oldindan aniqlash va erta ogohlantirish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu jarayonlarni chuqur o‘rganish, sohaga fan va texnologiyalarni keng joriy etish katta ijobiy samara berishi aniq”, - dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Tashkilot doirasida Tabiiy ofatlar monitoringi va tahlili markazini tuzish hamda uni Toshkentda joylashtirish tashabbusini ilgari surdi.
Sammit yakunida Anqara delkaratsiyasi qabul qilindi, Turkiy investitsiya fondini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi hamda fuqaro muhofazasi mexanizmini shakllantirish yuzasidan bitimni tayyorlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.