TOShKENT, 15 mar — Sputnik. O‘zbekistonning “Navro‘z” ansambli Italiyadagi “Internazionale Del Folklore” festivali gran-prisini qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Italiyaning Agridjento shahrida 5-12 mart kunlari “Internazionale Del Folklore” 65-xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Tanlovda dunyoning 29 davlatidan 52 folklor jamoalari ishtirok etdi.
E’tiborlisi, festival tashkil etilganidan buyon ilk bor uning sahnasiga Markaziy Osiyo davlatlaridan guruhlar kirib keldi.
Shunday qilib, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasining “Navro‘z” ashula va raqs ansambli “Lazgi” raqsini ijro etdi.
Ansambl YuNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xorazm lazgi raqsini ijro etgani uchun festivalning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
Hakamlar hay’ati san’atkorlarning ajoyib xoreografiyasi va chiroyli sahna liboslarini alohida e’tirof etdi.