Chilonzorning 60-yilligiga bag‘ishlangan film suratga olindi

Filmda tumanning o‘tgan asrlardagi voqeliklaridan to bugungi kunga qadar bo‘lgan tarixi va holati haqida hikoya qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 15 mar — Sputnik. Toshkent shahri Chilonzor tumanining 60-yilligi munosabati bilan film suratga olindi. Bu haqda “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, kuni kecha Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan ishlangan “Chilonzor: Poytaxt qalbi” hujjatli filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.
“Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi tomonidan suratga olingan film Toshkent shahridagi Chilonzor tumani tashkil etilganligining 60-yilligiga bag‘ishlanadi. Unda tumanning o‘tgan asrlardagi voqeliklaridan to bugungi kunga qadar bo‘lgan tarixi va holati haqida hikoya qilinadi”, - deyiladi xabarda.
Film ssenariy muallifi Shohrux Rasulov, postanovkachi rejissorlar Shohrux Rasulov va G‘ayrat Mo‘minov, postanovkachi operatorlar Aziz Normatov, Hursan Ali Tilavoldiyev, ijrochi produser Davronxo‘ja Abdug‘aniyev.