TOShKENT, 15 mar – Sputnik. Maktablarda bahorgi ta’til 20-martdan boshlanadi. Bu ta’til kunlarini maroqli va foydali o‘tkazish uchun o‘quvchilar nimalar bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak?
O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi a’zosi Alisher Xalikov Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda bolalar uchun o‘zining 5 ta asosiy tavsiyasini sanab o‘tdi.
Kitob o‘qish
Ta’tilda bola kitob mutolaasini davom ettirishi kerak. Badiiy adabiyot bola psixikasining rivojlanishi uchun juda muhimdir. Bunda bolaning qiziqishlaridan kelib chiqib, yoshiga mos ravishda badiiy kitoblar o‘qishi mumkin.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, bola iloji boricha telefon, kompyuter o‘yinlari o‘ynamasligi va televizor qarshisida ortiqcha o‘tirmasligi shart.
To‘g‘ri ovqatlanish
“Har bir bola uchun to‘g‘ri ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bu orqali kun davomida bolaning kayfiyati yaxshi bo‘lishi, tetikligi va sog‘ligining normal holati saqlanadi. Bolaning soat 21:00 dan keyin uyquga yotishi maqsadga muvofiq bo‘ladi”, - dedi mutaxassis.
Badantarbiya va jismoniy mashqlar
Ta’til vaqtida bolaning miyasi maktab darsliklaridan biroz dam oladi. Uni ko‘proq badantarbiya va yengil jismoniy ishlar bilan mashg‘ul qilish kerak. Masalan, uy sharoitida gullarga qarash, uy hayvonlarini parvarish qilish va hokazo.
Ochiq tabiatga sayr
Mutaxassisning fikricha, tabiat qo‘ynida sayr qilish zarur.
“Ochiq tabiat qo‘yniga sayrlar tashkil qilsa bo‘ladi. Bunda Toshkent Botanika bog‘i manzarali va sokin makon. Mening asosiy tavsiyalarimdan bittasi shu bo‘lardi, ya’ni ta’tilda bolalarni tabiat qo‘yniga olib chiqish, shahar chekkasiga dam olishga olib borish yoki ko‘ngilochar joylarga sayohat qilish kabi”, - dedi Xalikov.
Tabiat qo‘yniga sayr qilish bolada atrof-muhit bilan faol muomalaga kirishishni, o‘zini shaxs sifatida yetishayotganini idrok etishni o‘rgatadi.
To‘garaklarga qatnash
Agar bola biron-bir to‘garak va musobaqalarga qatnashsa, ta’tilda ham davom ettirishi mumkin. Ayniqsa, sport mashg‘ulotlarini, chunki bahor mavsumida o‘sayotgan bola organizmida chiniqish bo‘ladi. Shuningdek, musiqa tinglash, rasm chizish va shu kabi qiziqarli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullansa bo‘ladi.
“Ta’til vaqtlarida ham bola qiziqishlarini albatta inobatga oling. Ulardagi aqliy va jismoiy o‘suvchanlik aynan o‘zi qiziqayotgan mashg‘ulotlar bilan faol shug‘ullanishiga bog‘liq”, - dedi psixolog.
Shuningdek, bolalarga ta’til vaqtida o‘zi yoqtirgan o‘yinchoqlarni olib berish, shu orqali har xil to‘garaklarga va foydali mashg‘ulotlarga qiziqtirish mumkin. Masalan, interfaol o‘yinlar, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qo‘llanmalar, bahor mavsumida varrak yasash va boshqalar. Ta’til vaqtida bola qanchalik ko‘p ijobiy hissiyotlarga ega bo‘lsa, yangi o‘quv choragiga shunchalik yaxshi tayyor bo‘ladi.