TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Xitoy 2020-yilning mart oyida koronavirus pandemiyasi sababli to‘xtatilgan xorij fuqarolari uchun barcha turdagi vizalar berishni 15-martdan tiklaydi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Xitoy tashqi ishlar vazirligining konsullik bo‘limi bayonotiga ko‘ra, Xitoy va boshqa davlatlar o‘rtasida harakatlanishni yanada qulaylashtirish maqsadida 15-mart, Pekin vaqti bilan soat 00:00 dan boshlab xorijiy fuqarolar uchun viza va kirish siyosatiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Birinchidan, 15-martdan boshlab Xitoyga muddati hali tugamagan va 2020-yil 28-martgacha berilgan vizalar bilan kirish mumkin bo‘ladi.
Ikkinchidan, xorijga viza beruvchi agentliklar chet el fuqarolarining Xitoyga kirishi uchun barcha turdagi vizalarni qayta ko‘rib chiqish va berishni davom ettiradi.
Uchinchidan, chegara hududlarida viza berish bilan shug‘ullanuvchi idoralar barcha turdagi chegara vizalarini qayta ko‘rib chiqish va berishni qayta tiklaydi.
To‘rtinchidan, kruiz kemasi yo‘lovchilari uchun Xaynan orolidagi vizani bekor qilish siyosati va Shanxay vizasidan voz kechish siyosati qayta tiklanadi, Gonkong va Makaodan kelayotgan chet elliklar guruhlari uchun janubiy Guangdong provinsiyasiga vizasiz kirish, shuningdek, ASEAN davlatlaridan sayyohlik guruhlari uchun Guangsi-Chjuan avtonom tumanidagi Guilin shahriga vizasiz kirish ham qayta tiklanadi.