TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Rossiyaga qarshi sanksiyalar ko‘plab mamlakatlarning dollardan voz kechishiga olib keladi, buning natijasida Vashington xalqaro maydonda o‘z kuchini namoyish etish imkoniyatini yo‘qotadi, deb yozadi "New York Post" sharhlovchisi Jey Nyuman. RIA Novosti xabariga asosan.
"Dollardan voz kechish Amerikaning xalqaro maydondagi mavqeyiga kuchli zarba bo‘ladi. Cheksiz miqdorda dollar chop etish mumkin bo‘lgan davr tugashi mumkin va shu bilan bizning xorijiy tovarlarni arzon sotib olish imkoniyatimiz davri o‘tadi", - deb yozadi muallif.
Kuzatuvchi ta’kidlaganidek, dunyodagi yuzdan ortiq davlat G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlamadi. Buning natijasida tovarlarni sotish uchun boshqa valyutalardan foydalanash ehtiyoji va iqtisodiy koalitsiyalar paydo bo‘ladi.
Milliy valyutalardan foydalanadigan mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalari dollarga bo‘lgan talabning pasayishiga va natijada uning qiymatining tushib ketishiga olib keladi. Natijada, Nyumanning ta’kidlashicha, narxlar asta-sekin o‘sib boradi.
"G‘arb tahlilchilarining dollarga muqobil yo‘qligi haqidagi fikrlari illyuziya bo‘lib chiqqdi" - deydi jurnalist.
Dollarning qulashi tufayli, deya xulosa qildi jurnalist, Qo‘shma Shtatlar xalqaro maydonda o‘z mavqeyini yo‘qotadi, shuningdek, “qarzga botib qolish" xavfi ostida qoladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun Vashington strategik raqiblar sonini qisqartirishi va "o‘z iqtisodiyotini tartibga keltirishi" kerak.
G‘arb davlatlari Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi va Rossiya yoqilg‘isidan voz kechish siyosati tufayli energiya narxining oshishi va inflyatsiyaning o‘sishiga duch kelmoqda. Yoqilg‘i, birinchi navbatda, gaz narxining oshishi fonida Yevropada sanoat raqobatdosh ustunliklarini sezilarli darajada yo‘qotdi, bu esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga ham ta’sir qildi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa davlatlari o‘n yilliklar davomida rekord darajadagi inflyatsiyaga duch kelishmoqda.