TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbekistonning 63 nafar fuqarosi Aqto‘be viloyatida buzilgan avtobusdan olib chiqildi, deb xabar berdi Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Ma’lum qilinishicha, 12-mart kuni Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 112-nazorat pultiga Aytekebi tumanidagi Qorabutoq-Qo‘stanay avtomobil yo‘lining 144-bo‘limida avtobus nosozlik tufayli to‘xtab qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng chaqiruv joyiga qutqaruvchilar va texnikalar jo‘natilgan. Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida O‘zbekistonning 63 nafar fuqarosi Aytekebi tumanidagi maktabga joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyi oxirida ham Aqto‘be viloyati yo‘llarida qolib ketgan o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilingandi.