TOShKENT, 13 mar — Sputnik. G‘arb siyosatchilari va ommaviy axborot vositalarining harakatlari butun dunyoning G‘arbga qarshi birlashishiga olib keladi, deb yozdi Fransiyaning "Xalq respublikachilar ittifoqi" partiyasi rahbari Fransua Asselino Twitter’da. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
"Agar insoniyat ikki asrdan keyin ham mavjud bo‘lsa, 2223-yil tarixchilari bizning davrimizdagi siyosiy rahbarlar va yirik G‘arb ommaviy axborot vositalarining mas’uliyatsizligidan hayratda qoladi. Ular o‘zlarining takabburligi va ko‘rligi bilan butun dunyoni G‘arbga qarshi birlashtiradi", — deb yozdi siyosatchi.
Asselino Li Shanfuning Xitoy mudofaa vaziri etib saylanishini izohlar ekan, bu Pekin tomonidan "AQSh sanksiyalariga nisbatan achchiq javob" ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, yakshanba kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi Li Shanfuni Xitoy mudofaa vaziri etib tasdiqladi. AQSh Moliya vazirligi 2018-yilda Rossiya bilan harbiy hamkorlik tufayli vazirga qarshi sanksiyalar kiritgan edi.
Li Shanfu Sichan kosmodromida 30-yildan ortiq ishlagan, jumladan, o‘n yil davomida uning direktori bo‘lgan. 2016-2017 yillarda Xitoy Xalq-ozodlik armiyasining strategik qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, 2017-2022 yillarda esa Markaziy harbiy komissiyaning qo‘shinlarni tayyorlash va ta’minlash bo‘limiga rahbarlik qilgan.