TOShKENT, 13 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Kamilov 12-mart kuni Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Jidda shahridagi qarorgohida IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashdi, deb xabar berdi "Dunyo".
Husayn Ibrohim Tohaning aytishicha, so‘nggi 5-yilda Yangi O‘zbekiston musulmon davlatlari bilan aloqalarni sezilarli darajada oshirgan.
"Toshkentning yangi siyosati siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga, hamda Markaziy Osiyo barqarorligi va xavfsizligini mustahkamlash masalalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston qisqa vaqt ichida mintaqadagi qo‘shnilari bilan o‘zaro tushunish va sheriklik muhitini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistoning islom olamidagi roli hamda ta’sirini keskin oshirdi", — dedi u.
Bosh kotib O‘zbekiston afg‘on masalasida muhim rol o‘ynashini va Afg‘onistonga ko‘p tomonlama gumanitar hamda iqtisodiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha turli loyihalarni ilgari surish tashabbusi bilan chiqayotganini ta’kidladi.
"IHTning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekiston bilan bu davlat bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va qo‘shma choralar ko‘rish tarafdori", - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, bosh kotibga respublikada konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqida ma’lumot berilgan.
"Bosh kotib Husayn Ibrohim Toha so‘nggi yillarda prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni alohida e’tirof etdi. Shu nuqtayi nazardan, u xalq orasida ham, xalqaro hamjamiyatda ham allaqachon yuksak qo‘llab-quvvatlanayotgan O‘zbekiston rahbariyatining ichki va tashqi siyosatiga muvofiq Konstitutsiyani yangilash o‘z vaqtida amalga oshirilayotganini ta’kidladi", - deyiladi xabarda.
Husayn Ibrohim Toha ushbu muhim siyosiy tadbirda IHT kuzatuvchilari ishtirok etishini tasdiqlagan. Bosh kotibning o‘zi ham tarixiy Samarqand shahrini ko‘rish uchun Ramazon oyidan so‘ng O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 18-avgust — Saudiya Arabistoniga davlat tashrifining ikkinchi kunida IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashgandi. Uchrashuvda ushbu nufuzli xalqaro tuzilma hozirgi zamon xatarlari sharoitida islom qadriyatlarini asrab-avaylash, musulmon xalqlari o‘rtasida hamjihatlik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani qayd etilgan.