Toshkent viloyatidan Salavkiylar sarkardasining noyob ko‘zasi topildi

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan tuxumsimon 2 ta xum va 2 ta Toshkent vohasining o‘rta asrlarga oid arxeologik yodgorliklariga tegishli ashyolar topildi.
Sputnik
TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Bo‘kadan Salavkiylar sarkardasining noyob ko‘zasi topildi. U qadimgi yunon an’anasiga mos ravishda ishlangan, deya xabar berdi Madaniy meros agentligi.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidan tuxumsimon 2 ta xum va 2 ta Toshkent vohasining o‘rta asrlarga oid arxeologik yodgorliklariga tegishli ashyolar topildi.
Salavkiylar sarkardasining noyob ko‘zasi
“Topilgan tarixiy ashyolar orasida sirtiga ayol qiyofasi bo‘rttirib gavdalantirilgan toshbaqasimon ko‘za noyobdir. Bunday idish Toshkent viloyatida ilk bor topildi. U qadimgi yunon an’anasiga mos ravishda ishlangan”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, bu qadimgi Choch-Toshkent hududiga salavkiylar sarkardasi Demodamning (miloddan avvalgi III asr) kelishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Idishda yunon ma’budasining tasviri o‘z aksini topgan. Xuddi shunday qiyofa Turkiyada miloddan avvalgi II asrda qurilgan Apollon ibodatxonasida ham bor.